Muddatli to'lov islomda

image

Islomda muddatli to'lovga ruxsat beriladimi?

Javob bermoqdalar: Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Rohimahulloh

Bunday savdo «kredit» deb nomlanmaydimi?

Savol:Shayx janoblari, hozirgi kunda televizor va boshqa maishiy texnikalarni tan narxining 20-30% oldindan to’lab kredit olish juda ommalashib ketdi. Bu shariatimizga zid emasmi? Javobingiz uchun oldindan rahmat!
Javob bermoqdalar:Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Rohimahulloh

— Bunday savdo foizli deb aytilmaydi. Aksincha, narxni bo’lib to’lash deyiladi. Misol uchun, o’sha televizorning narxi naqd pulda 700 ming so’m bo’lsa va xaridorning birdaniga butun hisobni to’lash imkoniyati bo’lmasa, sotuvchi tovarni muddatli to’lovga 900 ming narxi bilan sotadi. Xaridor rozi bo’lsa, shartnoma tuziladi. Bu turdagi savdo to’g’ri deb hisoblanadi. Ammo «kredit» so’zi ko’pchilikni shubhalantirib qo’yadi. Chunki «kredit» so’zi qarz ma’nosida ham ishlatiladi. Ya’ni, birovga ma’lum miqdorda har doim qarz berib turish. Berilgan qarz ustiga foyda olinsa, «ribo» bo’ladi.

Muddatli to'lov orqali undirilgan jarimalar «ribo» hisoblanadimi?

Savol:Savol quyidagicha: Agar «rassrochka» (muddatli to’lov)ga tovar (mahsulot) sotayotgan savdo do’koni mijoz pulni belgilangan muddatga to’lay olmasa «penya» (jarima) undirish sharti bilan sotsa va o’sha undirilgan ortiqcha mablag’ni sotuvchi xohishiga ko’ra xayriya jamg’armasiga yoki jamoat tashkilotiga o’tkazib beradigan bo’lsa bu «ribo»ga kiradimi? Agar «ribo» hisoblansa uning o’rniga qanday shart bilan kelishish ma’qul. Sababi shundaki, iste’molchilarga «vaqtida to’lamasang ortiqchasi bilan undirib olamiz» degan shart qo’yilmasa vaqtida to’lamay yuraverishadi. Ilmsizligim uchun sizlardan uzr so’rayman, ustozlar. Alloh ishlaringizga baraka bersin va sizlardan rozi bo’lsin.
«Zikr ahlidan so’rang» hay’ati

— Va alaykum assalom! Unda u shartnoma avvaldan penya (jarima) emas, balki vaqtidan kechiktirib to’lansa ma’lum bir miqdorni o’sha xayriya jamg'armasiga o’tkazasiz — deb tuzilishi kerak. Kechiktirilsa sud orqali undirib bo’lsa ham o’sha jamg’armaga o’tkazish kerak. U narsani sotib olish uchun bankdan qarz ham olinmasligi kerak. Chunki bank foizga qarz beradi. Vallohu a’lam

Muddatli to'lov «ribo» hisoblanmaydimi?

Savol:Qilayotgan ezgu ishlaringizga Alloh sof savoblar ato etsin. Ustoz, savol berishdan oldin shunga o’xshash muammolarni qarab solishtirishga harakat qildim. Lekin ilmsizligim tufayli ozgina tushunmovchilik bo’lyapti. Bir kompaniya 1 yil davomida to’lash sharti bilan noutbuk kompyuterlar sotadi. Misol uchun 1 500 000 so’m bo’lsa 125 000 so’mdan to’lanib boriladi, lekin 500 000 so’mlik tovar uchun 30% oldindan to’lanadi, qolgani bo’lsa 12 oy davomida to’lab uziladi. Bunday savdo joizmi? Javobingiz uchun tashakkur. Alloh rozi bo’lsin.
Javob bermoqdalar:Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Rohimahulloh

— Agar to’lovni xaridorning o’zi, bankni yoki boshqa tarafni aralashtirmay to’lasa. Joiz.

Ikki turdagi savdo va ikkita narxni taklif qilish to'g'ri bo'ladimi?

Savol:Assalom alaykum! Men uyali aloqa vositalari savdosi bilan shug’ullanaman. Men naqd to’lovga savdo qilaman. Endi faoliyatimni kengaytirish maqsadida «rassrochkaga» (muddatli to’lovga) ya’ni pulni oyma-oy bo’lib-bo’lib to’lash sharti bilan savdoni yo’lga qo’ymoqchiman, bank ishtirokisiz. O’zim naqd pulga chetdan tovarlarni sotib olib kelaman. Bunda biz kelgan mijozga 2 ta taklif beramiz. Birinchisi bitta telefon naqd pulga 1 000 000 sotilsa, ikkinchi taklif esa agar mablag’i yetmasa shu 1 000 000 telefon muddatli to’lov (6 oy) oyma-oy bo’lib to’lash sharti bilan 1 500 000 taklif qilmoqchimiz. Naqdga boshqa, bo’lib to’lashga esa sal qimmatroq sotilishini aytib sotmoqchiman. Shunda shu ish menga halol bo’ladimi? Bu «ribo» bo’lmaydimi?
«Zikr ahlidan so’rang» hay’ati

— Va alaykum assalom! Ikki narxni aytishingiz joiz, lekin savdo ikkisidan biriga tayin bo’lgan holatda tugasin. Ertaroq olib kelsangiz bu, kechroq olib kelsangiz bu deb ikki narxga kelishilgan xolda tugatmanglar. Vallohu a’lam!

Men faol (muddatli to'lov) narxini tushirib berishim mumkinmi?

Savol:Assalom alaykum! Hurmatli ustozlar, men maishiy texnika buyumlarini mijoz bilan kelishilgan holda rassrochka (muddatli to’lov)ga sotaman. Savolim shuki, agar mijozimiz muddatidan avval olgan buyumning to’liq narxini to’lamoqchi bo’lsa, unga arzonlashtirish maqsadida, narxidan o’tib bersam bo’ladimi? Bu holat taqsit savdosi qoidalariga zid emasmi? Ayrim kishilar bu holat noto'g'ri, ya’ni kelishilgan narxni muddatidan avval to’lasa ham, narxini o’zgartirib bo’lmaydi deyishdi. Iltimos oydinlik kiritib bersangiz.
«Zikr ahlidan so’rang» hay’ati

— Va alaykum assalom! Agar siz sotib olgan narxingizni aytib, ustiga qo’yayotgan foydangizni ham aytib, narsaning umumiy qiymat (uning ichida sotib olgan narxingiz ham bor)ini erta to’lamoqchi bo’lsa, umumiy narxni to’layotgan vaqtdan qolgan vaqtdagi foydani olishingiz joiz bo’lmaydi. Masalan bir narsani 100 so’mga sotib oldingiz, uni murobaha yo’li bilan boshqa kishiga sotimoqchi bo’lsangiz: “100 so’mga olganman, 10 oyga 200ga sotaman. Har oy asl qiymatining ustifa 10 so’mdan foyda berasan. Shunda har oyda 20 so’mdan pul berasan” deb kelishasiz. Bu joiz. Agar 5 oyda asliy narxi 100 so’mni va 10 oydagi foydani ham yubormoqchi bo’lsa, 100 so’m va 5 oylik foydanigina olib, qolgan 5 oyning foydasi olinmaydi. Ya’ni 150 so’m olinadi. Bu faqat murobaxa, ya’ni sotib olgan narsa narxining ustiga foyda qo’yib, o’sha foydani qanchaligini mijozga aytib sotish savdosidagina joiz. Vallohu a’lam!

40 so'm olingan daromad «ribo» hisoblanmaydimi?

Savol:Assalom alaykum, Shayx xazratlari. Yirik savdo tashkiloti bilan bank orasidagi shartnoma shunday: “Savdo tashkiloti o’zining tovarini (mahsulotini) online do'konda 1000 so’mdan sotadi. Shu tovarni (mahsulotni) haqqini ma’lum vaqtda bo’lib berish sharti bilan odamlarga bahosi 1040 so’m qilib sotiladi va bu sotib oluvchi odamlarga haqqini ma’lum muddatga (rassrochka) olayotganligi tufayli 40 so’mga ortiqligi aytiladi. Oluvchi bilan sotuvchi o’rtasidagi shartnomada 1040 so’m ko’rsatiladi. Oluvchi tovar (mahsulot)ning haqqini - 1040 so’mni kelishilgan muddatda bankga to’laydi. Oluvchi bilan sotuvchi va oluvchi bilan bank orasida shartnomalar imzolangandan keyin bank 1040 so’mni savdo tashkiloti hisob raqamlariga o’tkazib beradi. Shundan so’ng savdo tashkiloti esa o’zining 1000 so’miga ega bo’ladi”. Meni o’ylantirayotgan fikr o’sha 40 so’m «ribo» bo’lib qolmayaptimi? Sizga Alloh subhanahu va ta’alodan uzoq umr, sihat salomatlik tilab qolamiz…
Javob bermoqdalar:Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Rohimahulloh

— Pulni to’lashni kechga surish uchun savdo tovari narxiga ustama qo’yish joiz. Misol uchun naqdga 1000 so’m, nasiyaga 1040 so’m deya.

+998

Yana savollaringiz bormi?

Bizga yozing. Sizga javob berishdan doim xursandmiz!

alifshop app

Ajoyib takliflar har doim yoningizda

alif shop ilovasi orqali buyurtma qiling, va qulay takliflar haqida hammadan tez biling